Maxfiylik siyosati
E'lon qilingan sana: 2026-yil 24-noyabr
Mundarija
1. Umumiy qoidalar
1.1. Ushbu Maxfiylik siyosati (keyingi o'rinlarda — «Siyosat») «ENWIN» MChJ (keyingi o'rinlarda — «Operator», «biz») tomonidan «Enwin» Servisi orqali foydalanuvchilardan qanday ma'lumotlar to'planishi, ulardan qanday foydalanilishi, kimlar bilan ulashilishi va qanday himoya qilinishini belgilaydi. Servis quyidagilardan iborat: rasmiy sayt (enwin.uz), veb-ilovalar (boshqaruv paneli, mijoz kabineti, hamkorlar paneli), mobil ilovalar (iOS va Android), foydalanuvchilar va xodimlar uchun Telegram-botlar va Telegram Mini App, QR-kod orqali baholash sahifalari hamda Servisga ulangan davomat terminallari bilan integratsiya.
1.2. Shaxsiy ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasining «Shaxsiy ma'lumotlar to'g'risida»gi Qonuni (2019-yil 2-iyul, O'RQ-547, keyingi o'zgartirish va qo'shimchalari bilan), «Axborotlashtirish to'g'risida»gi Qonuni va boshqa amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq qayta ishlanadi.
1.3. Ushbu Siyosat Ommaviy ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi. Servisdan foydalanish orqali siz ushbu Siyosat shartlariga rozilik bildirasiz. Agar rozi bo'lmasangiz, Servisdan foydalanmang.
1.4. Biz sizning shaxsiy ma'lumotlaringizni hech kimga sotmaymiz, ijaraga bermaymiz va tijorat maqsadlarida uzatmaymiz.
1.5. Ma'lumotlarni qayta ishlash deganda ularni yig'ish, tizimlashtirish, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, o'zgartirish), ulardan foydalanish, egasizlantirish (anonimlashtirish), bloklash va yo'q qilish bilan bog'liq amallar tushuniladi. Qayta ishlash avtomatlashtirilgan vositalar yordamida amalga oshiriladi.
1.6. Rollar taqsimoti. Servisdan foydalanuvchi kompaniya (keyingi o'rinlarda — «Mijoz») o'z xodimlari, xaridorlari, yetkazib beruvchilari va boshqa shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlarni Servisga o'zi kiritadi va ularning egasi hisoblanadi. Bunday ma'lumotlarga nisbatan Operator Mijozning topshirig'i bilan va faqat unga xizmat ko'rsatish doirasida ish ko'radi (7-bo'lim). Mijozning o'z akkaunti, Rahbar va foydalanuvchilarning profil ma'lumotlari hamda texnik ma'lumotlar bo'yicha Operator mustaqil ravishda ish ko'radi.
2. Yig'iladigan ma'lumotlar
a) Akkaunt va profil ma'lumotlari:
- ism, familiya, otasining ismi;
- login va parol (parol faqat qaytarib bo'lmaydigan xesh ko'rinishida saqlanadi);
- telefon raqami;
- email manzil (ixtiyoriy);
- profil rasmi (ixtiyoriy);
- lavozimi, roli va ruxsatnomalari.
b) Biznes ma'lumotlari — kompaniya faoliyati uchun:
- kompaniya nomi, STIR, manzili, telefon raqami, logotipi;
- filiallar, ish joylari va omborlar: nomi, manzili, geografik koordinatalari;
- mahsulotlar, xom ashyo va ishlab chiqarish: nomi, narxi, shtrix-kodi, rasmlari, zaxira miqdori, retseptura va ishlab chiqarish hajmlari;
- savdo operatsiyalari: sotilgan mahsulotlar, narxlar, to'lov usullari, chegirmalar;
- xaridorlar, yetkazib beruvchilar va bitimlar: ismi yoki nomi, telefon raqami, bitim tarixi, qarz va to'lovlar tarixi;
- moliyaviy operatsiyalar: daromad va xarajatlar, miqdori, valyutasi.
c) Xodimlar ma'lumotlari (HR va davomat modullari yoqilganda Mijoz tomonidan kiritiladi):
- F.I.Sh., telefon raqami, lavozimi, bo'limi, tabel raqami, ishga qabul qilingan sanasi;
- ish jadvali va smenalari;
- davomat: kelish va ketish vaqtlari, qayd etilgan terminal yoki usul, kechikish va erta ketishlar;
- maosh, ustamalar, jarimalar, avanslar va hisob-kitoblar;
- ta'tillar va ishda bo'lmaslik davrlari, T-12/T-13 tabellari;
- Mijoz yuklagan xodim hujjatlari va fayllari;
- Telegram-bot yoki Mini App'dan foydalanganda — Telegram foydalanuvchi identifikatori, ismi va foydalanuvchi nomi;
- «Enwin» mobil ilovasidan foydalanganda — ilova bog'langan qurilmaning identifikatori, modeli va ilova versiyasi.
d) Biometrik ma'lumotlar (davomat terminallari integratsiyasi ishlatilganda) — 3-bo'limda batafsil:
- xodimning yuz tasviri (rasmi);
- yuzni tanish uchun shakllantirilgan yuz shabloni;
- terminalda kelish va ketish qayd etilgan paytdagi suratlar;
- terminal tanimagan yuz surati (masalan, ro'yxatdan o'tmagan shaxs terminal oldida turganda).
e) Geolokatsiya ma'lumotlari (tegishli funksiya yoqilganda):
- xodim «Enwin» mobil ilovasi orqali kelish/ketishni belgilagan paytdagi geografik koordinatalar va ularning aniqligi — belgilash ruxsat etilgan hududda amalga oshirilayotganini tekshirish uchun.
f) QR-kod orqali baholash ma'lumotlari:
- qo'yilgan baho, izoh va baholash vaqti;
- ixtiyoriy ravishda qoldirilgan ism va telefon raqami;
- suiiste'mollarning oldini olish uchun IP-manzil, brauzer haqidagi texnik ma'lumot va takroriy baholashni aniqlaydigan qurilma identifikatori (cookie).
g) Hamkorlar ma'lumotlari (hamkorlar paneli foydalanuvchilari uchun):
- hamkor (tashkilot yoki shaxs) nomi, aloqa ma'lumotlari, rekvizitlari;
- hamkorlar paneli foydalanuvchilarining ismi va Telegram identifikatori (panelga kirish kodi Telegram orqali yuboriladi);
- hamkor jalb qilgan mijozlar va hisob-kitoblar tarixi.
h) Texnik ma'lumotlar:
- qurilma turi, operatsion tizim va ilova versiyasi;
- til sozlamalari;
- xatolar va nosozliklar haqidagi diagnostika ma'lumotlari: so'rov manzili (URL), so'rov va javob mazmuni (parollar va kirish tokenlari yashirilgan holda), xato kodi, vaqti, qurilma haqidagi texnik ma'lumotlar, shuningdek muammoni aniqlash uchun zarur bo'lgan foydalanuvchi va kompaniya identifikatorlari. Ushbu ma'lumotlar faqat texnik nosozliklarni aniqlash va tuzatish maqsadida ishlatiladi;
- Servisdagi harakatlar jurnali: qaysi foydalanuvchi qachon qanday amalni bajargani va uning IP-manzili — xavfsizlik va Mijoz nazorati uchun;
- kirish sessiyalari: IP-manzil, brauzer yoki qurilma turi, kirish va oxirgi faollik vaqti;
- ulangan terminallar haqidagi ma'lumotlar: modeli, seriya raqami, ulanish holati;
- sayt va veb-ilovalardan foydalanishda — standart server jurnallari (IP-manzil, so'rov vaqti, brauzer turi).
i) AI-yordamchi ma'lumotlari (AI funksiyalari yoqilganda):
- AI-yordamchiga yuborilgan so'rovlar va ularga berilgan javoblar.
j) Sayt va demo-bot orqali yuborilgan so'rovlar:
- enwin.uz saytidagi demo so'rash formasi orqali — ism, telefon raqami, kompaniya nomi, sayt tili va reklama manbasi (bo'lsa);
- Telegram'dagi @enwin_demo_bot orqali — siz yuborgan kontakt (ism va telefon raqami), Telegram identifikatori va tanlangan til.
3. Biometrik ma'lumotlar
3.1. Qaysi ma'lumotlar. Davomat terminallari (Hikvision, Dahua va boshqalar) integratsiyasi ishlatilganda Servis xodimning yuz tasvirini, terminal yuzni tanish uchun shakllantiradigan yuz shablonini, kelish/ketish paytidagi suratlarni va terminal tanimagan yuzlar suratini qayta ishlaydi va saqlaydi.
3.2. Maqsad. Biometrik ma'lumotlar faqat xodimni terminalda tanib, uning kelish va ketishini qayd etish hamda davomat natijalarini Mijozga ko'rsatish uchun ishlatiladi. Terminal tanimagan yuzlar surati faqat terminal ishidagi nosozliklarni aniqlash uchun saqlanadi. Ular marketing, profillash, sun'iy intellekt modellarini o'qitish yoki boshqa har qanday maqsadda ishlatilmaydi.
3.3. Rozilik. Biometrik ma'lumotlarni qayta ishlash uchun xodimning roziligi talab etiladi. Ushbu rozilikni yozma shaklda olish va saqlash mas'uliyati ish beruvchi — Mijozga yuklanadi. Mijoz xodim rasmini Servisga yuklashdan yoki uni terminalda ro'yxatdan o'tkazishdan oldin rozilik olingan bo'lishi shart. Rozilik bermagan xodimlar uchun Mijoz davomatni boshqa usulda (karta, mobil ilova va h.k.) yuritishi kerak.
3.4. Saqlash joyi. Qonun talabiga muvofiq biometrik ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda hamda Mijozga tegishli terminallarda saqlanadi. Yuz tasviri va yuz shabloni bu joylardan tashqariga chiqmaydi; belgilash suratlarining Telegram orqali yetkazilishi 3.8-bandda tavsiflangan. Terminal va server o'rtasidagi almashinuv to'g'ridan-to'g'ri, terminal ishlab chiqaruvchisining bulutli xizmatlarisiz amalga oshiriladi.
3.5. Uzatilmaydi. Yuz tasviri va yuz shabloni uchinchi shaxslarga, jumladan sun'iy intellekt provayderlari va push-bildirishnoma xizmatlariga uzatilmaydi. Istisnolar: Mijoz Servisga Hamkor orqali ulangan bo'lsa, Hamkor Mijoz topshirig'i bilan xodim rasmini yuklashi va ko'rishi mumkin (10-bo'lim); qonun talablari (10-bo'lim).
3.6. Kirish huquqi. Biometrik ma'lumotlarni faqat Mijozning tegishli ruxsatnomaga ega foydalanuvchilari va Mijoz topshirig'i bilan ish ko'radigan Hamkor ko'radi. Operator xodimlari ularga faqat Mijoz murojaati bo'yicha texnik muammoni hal qilish uchun zarur hajmda kiradi.
3.7. O'chirish. Mijoz xodim rasmini o'chirganda yoki almashtirganda, avvalgi rasm serverdan o'chiriladi va terminallarga uni o'chirish buyrug'i yuboriladi. Xodim ishdan bo'shatilganda uning yuz ma'lumotlari terminallardan o'chiriladi, xodim kartasi o'chirilganda esa rasmi serverdan ham o'chiriladi. Terminal o'sha paytda tarmoqda bo'lmasa, o'chirish u ulanganidan keyin bajariladi. Kompaniya akkaunti o'chirilganda barcha biometrik ma'lumotlar 12-bo'limda belgilangan tartibda yo'q qilinadi.
3.8. Belgilash suratlari. Terminal kelish yoki ketishni qayd etganda olingan surat davomatni tasdiqlash uchun saqlanadi va Mijozning tegishli ruxsatnomaga ega foydalanuvchilariga ko'rsatiladi. Mijoz foydalanuvchisi yoki xodimning o'zi Telegram-bildirishnomalarni yoqqan bo'lsa, surat bildirishnoma bilan birga Telegram orqali shu shaxsga yuboriladi (8-bo'lim). Belgilash suratlari 2 (ikki) yil, terminal tanimagan yuzlar surati 30 (o'ttiz) kun saqlanadi va so'ng avtomatik o'chiriladi.
4. Qurilma ruxsatlari
Mobil ilova faqat o'zi ishlatadigan funksiyalar uchun ruxsat so'raydi. Har bir ruxsat faqat tegishli funksiya uchun ishlatiladi va uni qurilma sozlamalarida istalgan vaqtda o'chirish mumkin:
- Kamera — xodim, mahsulot va hujjatlar rasmini olish hamda shtrix-kod skanerlash uchun;
- Foto kutubxona va fayllar — rasm va hujjatlarni yuklash uchun;
- Geolokatsiya — kelish/ketishni belgilash paytida joylashuvni tekshirish uchun. Joylashuv faqat siz belgilash tugmasini bosgan paytda olinadi; ilova fonda joylashuvingizni kuzatmaydi;
- Bildirishnomalar (push) — muhim voqealar (kelish/ketish, so'rovlar holati, zaxira tugashi va h.k.) haqida xabar berish uchun.
5. Ma'lumotlardan foydalanish maqsadlari
Yig'ilgan ma'lumotlar quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:
- Servis xizmatlarini ko'rsatish va yaxshilash;
- foydalanuvchi hisobini yaratish, identifikatsiya qilish va boshqarish;
- savdo, ombor, ishlab chiqarish, bitimlar va moliyaviy operatsiyalarni qayd etish;
- xodimlar davomati, ish jadvallari, maosh va tabellarni yuritish;
- qurilmalar va platformalar (veb, mobil ilova, Telegram) o'rtasida ma'lumotlarni sinxronlash;
- servis bildirishnomalarini (push, Telegram, email) yetkazish;
- texnik xatolarni aniqlash va tuzatish;
- obuna va balans hisoblarini yuritish;
- AI-yordamchi so'rovlariga javob berish (funksiya yoqilganda);
- texnik yordam ko'rsatish va qayta aloqa o'rnatish;
- sayt yoki demo-bot orqali kelgan so'rovlarga javob berish va demo ko'rsatish;
- xavfsizlikni ta'minlash: suiiste'mollarni aniqlash va harakatlar jurnalini yuritish.
6. Bildirishnomalar
6.1. Servisning ishlashi uchun zarur bo'lgan xizmat bildirishnomalari (obuna holati, xavfsizlik va tizim ogohlantirishlari) barcha foydalanuvchilarga yuboriladi.
6.2. Yangiliklar, takliflar va aksiyalar haqidagi marketing xabarlarini olishga ro'yxatdan o'tish orqali rozilik bildirasiz. Marketing xabarlaridan istalgan vaqtda, biz bilan bog'lanish orqali, voz kechishingiz mumkin — bu xizmat bildirishnomalariga ta'sir qilmaydi.
7. Mijozning xodimlari, xaridorlari va boshqa shaxslar ma'lumotlari
7.1. Servisga kiritiladigan xodimlar, xaridorlar, yetkazib beruvchilar va boshqa shaxslar to'g'risidagi ma'lumotlarga nisbatan ushbu shaxslardan zarur rozilikni (biometrik ma'lumotlar va geolokatsiya uchun — alohida rozilikni) olish, ularni ma'lumotlar qayta ishlanishi haqida xabardor qilish va ma'lumotlarni qonuniy asosda kiritish mas'uliyati Mijozga yuklanadi.
7.2. Operator bunday ma'lumotlarni faqat Mijozga xizmat ko'rsatish doirasida qayta ishlaydi, ulardan o'z maqsadlarida foydalanmaydi va uchinchi shaxslarga (8-bo'limda ko'rsatilgan hollardan tashqari) uzatmaydi.
7.3. Mijozning xodimi o'z ma'lumotlarini ko'rish, tuzatish yoki o'chirish bo'yicha birinchi navbatda o'z ish beruvchisiga murojaat qiladi. Bunday murojaat Operatorga kelib tushsa, Operator uni Mijozga yo'naltiradi va Mijozga so'rovni bajarishda texnik yordam ko'rsatadi.
7.4. Mijozning xodimlari orasida 18 yoshga to'lmagan shaxslar bo'lsa, ularning ma'lumotlarini qayta ishlash uchun qonunchilikda talab qilingan rozilik ularning qonuniy vakillaridan olinishi kerak.
8. Uchinchi tomon xizmatlari
Servis ishlashi uchun quyidagi uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanamiz. Har biriga faqat zarur minimal ma'lumot uzatiladi:
- Cloupard (hosting-provayder, O'zbekiston) — Servisning serverlari va ma'lumotlar bazalari O'zbekiston hududida joylashtiriladi;
- Telegram — botlar va Mini App ishlashi uchun Telegram identifikatori va botlar yuboradigan xabarlar Telegram platformasi orqali o'tadi. Mijoz foydalanuvchisi yoki xodim bildirishnomani yoqqan bo'lsa, bu xabarlarga belgilash surati ham kiradi (3.8-band). Hamkorlar paneliga kirish kodi ham Telegram orqali yuboriladi. Bundan tashqari, sayt va demo-bot orqali kelgan so'rovlar hamda texnik nosozliklar haqidagi xabarlar Operator jamoasining yopiq Telegram chatlariga yuboriladi;
- Google Firebase (FCM) — push-bildirishnomalarni yetkazish uchun qurilma identifikatori (token) va bildirishnoma matni ishlatiladi;
- Sun'iy intellekt provayderlari — AI-yordamchi ishlashi uchun foydalanuvchi so'rovi va javob berish uchun zarur kontekst uzatiladi (faqat funksiya yoqilganda va ishlatilganda). Biometrik ma'lumotlar AI-provayderlarga hech qachon uzatilmaydi;
- Elektron pochta xizmati provayderi — siz bilan email orqali yozishmalar uchun;
- App Store (Apple) va Google Play (Google) — mobil ilovalarni tarqatish uchun; ushbu platformalar o'z maxfiylik siyosatlariga muvofiq ishlaydi.
Davomat terminallari Mijozga tegishli bo'lib, ular Servis serverlari bilan to'g'ridan-to'g'ri ishlaydi; terminal ishlab chiqaruvchilari Operatordan ma'lumot olmaydi.
Telegram, Google Firebase va AI-provayderlar ma'lumotlarni O'zbekistondan tashqarida qayta ishlashi mumkin. Ularga faqat ushbu bo'limda ko'rsatilgan, xizmat uchun zarur minimal ma'lumot qonunchilikda belgilangan shartlarga rioya qilgan holda uzatiladi. Yuz tasviri va yuz shabloni ularga uzatilmaydi.
Uchinchi tomon provayderi almashtirilsa, unga ham ushbu Siyosatdagi kabi minimal zarur ma'lumot uzatish tamoyili qo'llanadi.
9. Ma'lumotlarni saqlash va xavfsizlik
9.1. Ma'lumotlaringiz quyidagi joylarda saqlanadi:
- serverda — asosiy ma'lumotlar bazalari O'zbekiston hududidagi serverlarda saqlanadi; barcha ma'lumotlar shifrlangan ulanish (HTTPS) orqali uzatiladi;
- terminallarda — xodimlarning yuz tasvirlari va shablonlari Mijozga tegishli davomat terminallarida ham saqlanadi;
- qurilmangizda — kirish tokenlari va ilova sozlamalari qurilmaning himoyalangan xotirasida saqlanadi.
9.2. Xavfsizlik choralari:
- har bir kompaniyaning ma'lumotlari boshqa kompaniyalardan to'liq izolyatsiya qilingan;
- kirish login va parol orqali amalga oshiriladi, parollar xeshlangan holda saqlanadi;
- xodimlar uchun rolga asoslangan ruxsatnomalar tizimi qo'llanadi;
- Operator xodimlarining Mijoz ma'lumotlariga kirishi faqat texnik yordam va nosozliklarni tuzatish uchun zarur hajmda cheklangan;
- ma'lumotlar muntazam zaxira nusxalanadi.
9.3. Ma'lumotlar xavfsizligi qisman sizga ham bog'liq: login va parolingizni uchinchi shaxslarga bermang, ishonchli parol tanlang va qurilmangiz himoyasini ta'minlang.
9.4. Cookie va brauzer xotirasi. Sayt va veb-ilovalar faqat ishlashi uchun zarur cookie va brauzer xotirasidan foydalanadi: tanlangan til, kirish sessiyasi va interfeys sozlamalari, baholash sahifasida esa takroriy baholashning oldini oladigan qurilma identifikatori. Reklama va analitika cookie'lari ishlatilmaydi.
10. Ma'lumotlarni ulashish
Shaxsiy ma'lumotlaringiz uchinchi tomonlarga sotilmaydi, ijaraga berilmaydi va savdo maqsadlarida uzatilmaydi. Ma'lumotlar faqat quyidagi hollarda uzatilishi mumkin:
- 8-bo'limda ko'rsatilgan uchinchi tomon xizmatlariga — xizmat ko'rsatish maqsadida;
- Mijoz Hamkor (reseller) orqali ulangan bo'lsa — Hamkor Mijoz nomidan Servisni sozlash va yuritish uchun Mijoz ma'lumotlariga kiradi: kompaniya ma'lumotlari va obuna holati, bo'limlar, lavozimlar, ish joylari va ish jadvallari, xodimlar ro'yxati va ularning rasmlari, terminallar, davomat belgilari va hisobotlari. Hamkor bu ma'lumotlardan faqat Mijoz bilan kelishuv doirasida foydalanadi; Mijozning savdo va moliyaviy ma'lumotlari Hamkorga ochilmaydi;
- qonunchilik talabiga binoan — sud qarori yoki vakolatli davlat organlarining qonuniy so'rovi asosida.
11. Ma'lumotlarni saqlash muddatlari
11.1. Ma'lumotlar hisob faol bo'lgan davr mobaynida saqlanadi.
11.2. Obuna muddati tugab, yangi davr uchun to'lov amalga oshirilmaganda, ma'lumotlar Ommaviy ofertaga muvofiq 90 (to'qson) kalendar kun davomida saqlanadi, so'ngra o'chirilishi mumkin. Faoliyati vaqtincha to'xtagan (jumladan, mavsumiy) mijozlar murojaati asosida saqlash muddati kelishilgan holda uzaytirilishi mumkin.
11.3. Xodim ma'lumotlari Mijoz ularni o'chirmaguncha yoki kompaniya akkaunti o'chirilmaguncha saqlanadi. Mijoz ishdan bo'shagan xodimlarning biometrik ma'lumotlarini o'z vaqtida o'chirishi kerak.
11.4. Hisob o'chirilganda ma'lumotlar 12-bo'limda belgilangan tartibda yo'q qilinadi.
11.5. Alohida muddatlar:
- belgilash suratlari — 2 (ikki) yil, terminal tanimagan yuzlar surati — 30 (o'ttiz) kun, so'ng avtomatik o'chiriladi;
- sayt va demo-bot orqali yuborilgan so'rovlar — 3 (uch) yil yoki rozilikni qaytarib olguningizcha;
- o'z akkauntini o'chirgan foydalanuvchining ismi, logini va roli — u yaratgan hujjatlar muallifi sifatida kompaniya akkaunti mavjud ekan saqlanadi (12-bo'lim).
12. Hisobni o'chirish va ma'lumotlarni yo'q qilish
12.1. O'z akkauntingizni o'chirish. Siz istalgan vaqtda o'z akkauntingizni o'zingiz o'chirishingiz mumkin:
- veb-ilovada — «Profil sozlamalari» bo'limidagi «Akkauntni o'chirish» tugmasi orqali;
- mijoz portalida — «Profil» bo'limida;
- «Enwin» mobil ilovasida — sozlamalarda.
O'chirish joriy parolni kiritish bilan tasdiqlanadi va darhol amalga oshiriladi:
- tizimga kirish yopiladi va barcha faol sessiyalar tugaydi;
- parol, Telegram ulanishlari, bildirishnoma sozlamalari, mobil qurilma bog'lanishi va push-tokenlar o'chiriladi;
- ismingiz, loginingiz va rolingiz kompaniya foydalanuvchilari ro'yxatida «o'zini o'chirgan» belgisi bilan qoladi: ular siz yaratgan hujjatlar muallifi sifatida Mijozning hisob yozuvlarida saqlanadi; login boshqa foydalanuvchiga berilmaydi;
- o'chirishni bekor qilib ham, akkauntni tiklab ham bo'lmaydi.
12.2. Kompaniyaning yagona admini o'z akkauntini o'chira olmaydi: avval boshqa foydalanuvchini admin qilishi kerak.
12.3. Xodim sifatidagi ma'lumotlaringiz (xodim kartasi, davomat, maosh va boshqalar) ish beruvchingizga — Mijozga tegishli va akkaunt o'chirilganda o'chmaydi. Ularni o'chirish uchun ish beruvchingizga murojaat qiling (7.3-band).
12.4. Kompaniya akkauntini o'chirish. Kompaniya akkaunti va uning barcha ma'lumotlari (jumladan xodimlar va biometrik ma'lumotlar) Rahbarning 16-bo'limdagi aloqa ma'lumotlari orqali yuborilgan yozma so'rovi bo'yicha, shaxsi tasdiqlangandan keyin 30 (o'ttiz) kun ichida qaytarib bo'lmas tarzda o'chiriladi. Obuna to'lanmagan hollarda 11.2-band qo'llaniladi.
12.5. Zaxira nusxalardagi ma'lumotlar zaxira nusxalarni yangilash davri o'tishi bilan o'chiriladi.
13. Bolalar maxfiyligi
Enwin Servisida akkaunt ochish va uni boshqarish 18 yoshdan kichik shaxslar uchun mo'ljallanmagan. Biz ataylab 18 yoshdan kichik shaxslardan akkaunt ma'lumotlarini yig'maymiz. Agar bunday ma'lumotlar yig'ilganligi aniqlansa, ular darhol o'chiriladi. Mijoz tomonidan kiritiladigan voyaga yetmagan xodimlar ma'lumotlariga 7.4-band qo'llaniladi.
14. Sizning huquqlaringiz
O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq siz quyidagi huquqlarga egasiz:
- o'z shaxsiy ma'lumotlaringizga kirish va ularni ko'rish;
- noto'g'ri yoki eskirgan ma'lumotlarni tuzatish;
- o'z akkauntingizni o'zingiz o'chirish va ma'lumotlaringizni o'chirishni so'rash (12-bo'lim);
- ma'lumotlaringizni qayta ishlashga e'tiroz bildirish;
- biometrik ma'lumotlarni qayta ishlashga bergan roziligingizni qaytarib olish (xodimlar — ish beruvchi orqali);
- o'z biznes ma'lumotlaringizni eksport qilish;
- ushbu Siyosatga roziligingizni bekor qilish (Servisdan foydalanishni to'xtatish orqali).
Ushbu huquqlardan foydalanish uchun 16-bo'limdagi aloqa ma'lumotlari orqali biz bilan bog'laning. Murojaatlar oqilona muddatda ko'rib chiqiladi.
15. Siyosatga o'zgartirish kiritish
15.1. Ushbu Siyosat vaqti-vaqti bilan yangilanishi mumkin. Muhim o'zgarishlar haqida foydalanuvchilar yangi tahrir kuchga kirishidan kamida 10 (o'n) kalendar kun oldin ilova ichidagi bildirishnoma va (yoki) sayt orqali xabardor qilinadi.
15.2. O'zgarishlar e'lon qilinganidan keyin Servisdan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirga rozilik hisoblanadi.
16. Aloqa
Ma'lumotlaringiz bilan bog'liq savollar yoki so'rovlar bo'yicha biz bilan bog'laning:
«ENWIN» MChJ
Manzil: O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Yashnobod MFY, 4-Aviasozlar mavzesi, 13, 8/1-uy
Email: info@enwin.uz
Telefon: +998 88 775 96 96
Telegram: @enwin_support
Veb-sayt: https://enwin.uz
Ushbu Siyosat o'zbek, rus va ingliz tillarida e'lon qilinadi. Versiyalar o'rtasida tafovut bo'lganda o'zbek tilidagi versiya ustuvor hisoblanadi.